Yo‘riqnoma

ElektrUy: o‘rnatishdan birinchi rozetkagacha

Ilovani telefonga o‘rnatish, xona loyihasini tuzish, natijalarni tushunish va ishni xavfsiz bajarish bo‘yicha qadamma-qadam qo‘llanma.

01O‘rnatish

ElektrUy Android 7.0 va undan yuqori telefonlarda ishlaydi. Ilova Play Marketda emas, shu saytdan APK fayl sifatida yuklab olinadi.

  1. Telefonda energyvibe.uz/elektr-uy sahifasini oching va «APK ni yuklab olish»ni bosing.
  2. Chrome ogohlantirsa, «Baribir yuklab olish»ni tanlang.
  3. Yuklab olingan elektruy.apk ni oching. So‘ralsa, shu brauzerga «Noma’lum ilovalarni o‘rnatish» ruxsatini bering.
  4. «O‘rnatish»ni bosing. Play Protect so‘rasa: «Batafsil» → «Baribir o‘rnatish».
  5. Bosh ekranda paydo bo‘lgan ElektrUy belgisini bosing.

Yangilash: yangi versiyani eskisining ustidan o‘rnating, ma’lumotlar o‘chmaydi. Muammo bo‘lsa, o‘rnatishdagi muammolar bo‘limini ko‘ring.

02Birinchi ishga tushirish

  • Til. Telefoningiz tili avtomatik tanlanadi: o‘zbek, rus yoki ingliz. Keyin Sozlamalarda o‘zgartirsa bo‘ladi.
  • Tanishtiruv. Uchta qisqa sahifa: ilova nima qiladi, darslar qanday ishlaydi, xavfsizlik qoidalari.
  • Rozilik. Xavfsizlik qoidalari va maxfiylik siyosatini o‘qib, ikkala belgini qo‘ying. Matnlar yangilansa, ilova ularni qayta ko‘rsatadi va yana rozilik so‘raydi.

03Kirish

«Google orqali davom etish» tugmasi orqali kiring. Shunda loyihalar, darslardagi yutuqlar va tekshiruvlar hisobingizda saqlanadi, telefon almashsa ham yo‘qolmaydi.

«Oflayn davom etish (darslar va kalkulyatorlar)» — hisobsiz ishlash. Darslar, kalkulyator, loyihalar va 3D ishlaydi, lekin AI tekshiruv va elektriklar bo‘limi uchun kirish kerak.

Hisobdan chiqqaningizda ilova shu hisobga tegishli loyihalarni telefondan o‘chiradi (serverda saqlanib qoladi). Bu bitta telefonni bir necha kishi ishlatganda maxfiylik uchun.

Bosh ekran
Bosh ekran

04Yangi xona loyihasi: rasm va belgilar

Bosh ekranda «Yangi xona loyihasi»ni bosing. Loyiha 4 qadamdan iborat, har bir o‘zgarish telefonga darhol saqlanadi.

  1. Rasmlar (1–6 ta). Har bir devorni qarama-qarshi tomondan, poli va shifti ko‘rinadigan qilib oling. Rozetka, kalit va chiroqlar aniq ko‘rinsin.
  2. Devor nomi. Eshik bor devorga qarab turing: bu A devor. Chapga buriling: keyingisi B, keyin C va D. Har bir rasm uchun qaysi devor ekanini tanlang.
  3. Belgilar. Turini tanlang (kirish simi, rozetka, kalit, chiroq, tarqatish qutisi) va rasm ustiga bosing. Belgini surib ko‘chirasiz, bosib tahrirlaysiz yoki o‘chirasiz.
  4. Bir xil nuqta. Bitta qurilma ikki rasmda ko‘rinsa, «Boshqa rasmdagi bilan bir xil nuqta» deb belgilang, shunda u ikki marta sanalmaydi.

Kalit uchun turini tanlang: bir klavishli, ikki klavishli yoki o‘tish (proxodnoy). Chiroq shiftda yoki devorda bo‘lishi mumkin. Belgilanmagan qurilmalarni keyinroq «Savollar» qadamida qo‘shasiz.

05Xona o‘lchami

UsulQachon
Qo‘lda kiritishEng aniq usul. Uzunlik, kenglik va balandlikni ruletka bilan o‘lchab, metr yoki santimetrda kiriting.
Rasm bo‘yicha AI baholashiRasmlar asosida taxminiy o‘lcham va ishonchlilik darajasi. Natijani albatta ruletka bilan tekshirib tasdiqlaysiz. Internet va kirish kerak.
Kamera bilan o‘lchash (AR)ARCore qo‘llaydigan telefonlarda. Telefonni sekin aylantiring, pol va devor topilgach, birinchi va ikkinchi nuqtaga bosing, so‘ng «Foydalanish»ni bosing.

06Savollar

  • Soni: rozetka, chiroq va kalitlar belgilardan olinadi. Qo‘shimchalarini «+» bilan qo‘shing, ular rejada avtomatik joylashadi.
  • Devor materiali: g‘isht, beton, gipsokarton yoki yog‘och. Gipsokarton va yog‘ochda gofra quvur majburiy.
  • Simlarni yotqizish: yashirin (shtrobada) yoki ochiq (kabel kanali).
  • Sariq-yashil yerga ulash (PE) simi bormi, shchitgacha taxminiy masofa va har bir chiroq quvvati.
  • Texnika: konditsioner, kir yuvish mashinasi va boshqalar. 2 kVt dan kuchlilari uchun alohida liniya rejalanadi.
  • Muhim savollar: shchitda ish, yerga ulash, 3 faza, nam xona, alyumin yoki kuygan simlar. Rost javob bering, aks holda ilova xavfli ishni aniqlay olmaydi.

So‘ng «Rejani tuzish»ni bosing.

Savollar qadami
Savollar

07Natija va PDF

Bo‘limNima ko‘rsatadi
Reja 2DYuqoridan ko‘rinish va devorlar (A–D) bo‘yicha. Qurilmani bosib turing va devor bo‘ylab suring, trassa qayta hisoblanadi.
3DXonani barmoq bilan aylantiring va kattalashtiring. Qurilmani bossangiz, ma’lumoti chiqadi. Internetsiz ishlaydi.
TrassaHar bir kabel bo‘lagi: qayerdan qayerga, necha metr, qaysi kabel. Guruhlar, avtomatlar va kuchlanish yo‘qolishi.
SxemaHar bir kalit va rozetka guruhining ulanish sxemasi, sim ranglari bilan.
MateriallarZaxira bilan hisoblangan ro‘yxat va narx. Qatorni bosib miqdor yoki narxni o‘zgartiring.
QadamlarIshni qaysi tartibda bajarish va har biri uchun dars. «Ishni boshlash (xavfsizlik tekshiruvi)» tugmasi tekshiruv ro‘yxatini ochadi.
Sim rangiVazifasi
Jigarrang (ba’zan qizil yoki qora)Faza, L
Ko‘kNol, N
Sariq-yashilYerga ulash, PE

Har doim indikator bilan tekshiring. Eski uylarda ranglar qoidaga mos kelmasligi mumkin.

Yuqoridagi PDF tugmasi reja, sxemalar va materiallar ro‘yxatini bitta faylga jamlaydi: uni ustaga yoki do‘konga yuborish qulay.

Reja 2D
Reja 2D

08«Bu ish litsenziyali elektrik uchun»

Javoblaringizda xavfli ish aniqlansa (shchit, yerga ulash, 3 faza, nam xona, alyumin yoki shikastlangan simlar, 3,5 kVt dan kuchli asbob), ilova ko‘rsatma bermaydi va sababini aytadi.

  • «Elektrik topish» — tasdiqlangan elektriklar ro‘yxati.
  • «Darslarni o‘qishingiz mumkin» — bilim uchun darslar ochiq qoladi.
  • «Javoblarni o‘zgartirish» — xato javob bergan bo‘lsangiz.
Xavfli ish ekrani
Xavfli ish aniqlanganda

09Darslar va ovozli yordamchi

Har bir dars oldidan xavfsizlik tekshiruvi chiqadi: hamma bandni belgilamaguncha davom etib bo‘lmaydi. Har qadamda rasm, kerakli asboblar va ogohlantirish bor. Bajarganingizni belgilang, yutuq saqlanadi. Oxirida qisqa test: kamida 60% to‘g‘ri javob bilan dars tugallanadi.

Ovozli yordamchi: dars ekranining yuqorisidagi ovoz belgisini bosing. Ilova qadamni ovoz chiqarib o‘qiydi va buyruqlarni tinglaydi:

BuyruqO‘zbekchaRuschaInglizcha
Keyingi qadamkeyingi, davomдалее, дальшеnext
Oldingi qadamoldingi, orqagaназадback, previous
Qayta o‘qishtakrorlaповтори, ещё разrepeat, again

Telefonda o‘zbek ovozi bo‘lmasa, tizim ovozi ishlatiladi. Uni Android sozlamalarida «Matnni nutqqa aylantirish» bo‘limidan o‘rnatish mumkin. Xatolikni ko‘rsangiz, menyudagi «Xato haqida xabar berish» orqali yozing.

Darslar ro‘yxati
Darslar

10Ishimni tekshirish (AI)

Ish tugagach, tokni o‘chirib, qutilar, klemmalar va simlarni yaqindan 1–4 ta aniq rasmga oling. AI rasmlarni ko‘rib chiqib natija beradi:

NatijaMa’nosi
Ko‘rinadigan muammo topilmadiRasmlarda xato ko‘rinmadi. Bu ishning to‘g‘riligiga kafolat emas.
Ogohlantirishlar borTuzatish kerak bo‘lgan joylar va tegishli dars havolasi.
Jiddiy muammolar«Yoqmang. Litsenziyali elektrik chaqiring.»
Rasmlar yetarlicha aniq emasYaqinroqdan, yorug‘ joyda qayta rasmga oling.

AI xato qilishi mumkin, bu tekshiruv (ekspertiza) emas. Natija noto‘g‘ri bo‘lsa, «AI xato qildi» tugmasini bosing, administrator ko‘rib chiqadi. Rasmlaringiz shaxsiy: ularni faqat siz, xato deb belgilasangiz administrator ham ko‘radi.

11Materiallar kalkulyatori

Rasmsiz tezkor hisob: xona o‘lchami, rozetka va chiroqlar soni, kalit turi, simlarni yotqizish usuli va devor materialini kiriting. Kalkulyator kerakli kabel, qutilar va boshqa materiallarni viloyatingiz narxida hisoblaydi. Narx va miqdorni bosib o‘zgartirish mumkin.

Narxlar taxminiy. Viloyat va valyutani (so‘m yoki dollar) Sozlamalarda tanlaysiz.

Materiallar kalkulyatori
Kalkulyator

12Elektriklar

  • Viloyat, tuman yoki xizmat turi bo‘yicha qidiring. Ro‘yxatda faqat administrator tasdiqlagan elektriklar bor.
  • Profilda tajriba, narx oralig‘i, xizmatlar va sharhlar. «Qo‘ng‘iroq» yoki «Telegram» orqali bog‘laning.
  • Ish bitgach, 1–5 yulduz bilan sharh qoldiring. Noto‘g‘ri profil yoki sharh haqida xabar berish mumkin.
  • Elektrikmisiz? «Men elektrikman» orqali profil yarating. Administrator tasdiqlagach ro‘yxatda chiqasiz. Profilni o‘zgartirsangiz, u qayta tekshiruvga yuboriladi.

13Sozlamalar, oflayn va maxfiylik

  • Til, mavzu (yorug‘ yoki qorong‘i), o‘lchov birligi (metr yoki santimetr), viloyat va valyuta.
  • Ovozli yordamchi: darslarda avtomatik yoqilsinmi.
  • Oflayn kontent: darslar ilova ichida bor. «Hozir yangilash» eng so‘nggi darslar va narxlarni oladi, «Dars rasmlarini yuklab olish» esa rasmlarni internetsiz ko‘rish uchun saqlaydi.
  • Huquqiy matnlar: xavfsizlik qoidalari va maxfiylik siyosati, qachon qabul qilganingiz bilan.
  • Ma’lumotlarimni o‘chirish: barcha loyihalar, rasmlar, yutuqlar, sharhlar va AI tekshiruvlari butunlay o‘chiriladi. Tasdiqlash uchun DELETE deb yozasiz.

Savol yoki taklif bormi? Sozlamalardagi «Muammo haqida xabar berish» orqali yozing yoki bosh sahifadagi aloqa formasidan foydalaning.